“O‘zbekiston yoshlar ittifoqi logotipi” tanlovi natijasini e’lon qilamiz

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston yoshlar itifoqi Markaziy Kengashi O‘zbekiston yoshlar ittifoqining logotipini yaratish bo‘yicha tanlov e’lon qilgan edi.

Tanlov shartida ko‘rsatilgan muddat davomida 450ga yaqin ijodiy ishlar kelib tushdi.

Logotiplar soha mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqildi va har tomonlama maqbul ko‘rilgan variant tanlandi. Hakamlar ijodiy ishlarni baholashda g‘oyaning teranligi va lo‘ndaligi, tashkilot falsafasi, bosma va nobosma materiallar, brendlashtirilgan mahsulot va korporativ sovg‘alariga moslashuvchanligi, yangichaligini inobatga olishdi.

Natijaga ko‘ra, Meliyev Rustam Tolipovich g‘olib deb topildi. Tanlov g‘olibiga Yoshlar itifoqi Markaziy Kengashi hisobidan o‘n million so‘m mablag‘ ajratildi.

Joriy yilning 9-oktabr kuni tashkilotning ramzi 185p-son bilan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Yoshlar ittifoqining ramzini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlariga vaqt sarflanganligi sababli, g‘olibni e’lon qilish aytilgan muddatdan biroz kechikdi.

Tanlovda ishtirok etgan barcha ijodiy ish mualliflariga e’tibor va fidoyilik uchun O‘zbekiston yoshlar ittifoqi o‘z minnatdorchiligini bildiradi.

Marhamat, quyida tashkilot ramzining tasnifi bilan tanishib chiqishingiz mumkin.