O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi chinozlik yosh terimchilarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, ilg‘or yoshlarni taqdirladi

Har qanday rag‘batning katta-kichigi bo‘lmaydi. Eng muhimi, e’tibor. Bugun paxta dalalarida mehnat qilayotgan millatdoshlarimiz va, ayniqsa, ko‘ngilli sifatida mavsumda jonbozlik ko‘rsatayotgan vaqtincha ishsiz yoshlarning xizmatlarini e’tirof etish joiz.
Shu maqsadda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi bir guruh uyushmagan yoshlardan tashkil topgan “Fidoiy yoshlar” otryadi a’zolari bilan uchrashdi. Ularga yaratib berilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Tushlik paytida esa samimiy muloqot qilib, ilg‘or terimchilarni rag‘batlantirdi.
Jumladan, “Kanalabod” MFYda istiqomat qiluvchi umumhalq hasharida fidoiy yoshlar sifatida faol ishtirok etayotgan va kuniga o‘rtacha 250 kg.ga yaqin paxta terayotgan O‘lbo‘sin Ermatovaga mini pech, kuniga 150 kg ortiq paxta terayotgan Munojat Isoqovaga dazmol, xuddi shunday terimchi qiz Yo‘ldosheva Munojatga esa uyali aloqa vositasi taqdim qilindi.
— Ochig‘i, Yoshlar yetakchisining shaxsan o‘zlari kelib bizga g‘amxo‘rlik qilishlarini kutmagandik. O‘z qo‘llari bilan sovg‘alar berdilar. Men ushbu otryadga a’zo bo‘lib, o‘z jamg‘armamga ega bo‘ldim, do‘stlar orttirdim, rag‘batlantirildim, eng muhimi, Yoshlar ittifoqini tanidim, endi men ham uning faol a’zosi bo‘laman”, — deydi Munojat Yo‘ldosheva. — Bir kunlik daromadimni esa ko‘rib turibsiz! Bugungi sovg‘a bilan esa, ehhe, ancha ko‘paydi. Juda xursandman.
Qolaversa, Chinoz tumani Kengashi tomonidan tashkil qilingan 10-otryaddagi 15 nafar uyushmagan yoshlarga tashkilot logotipi tushirilgan futbolkalar ham taqdim qilindi.
Endilikda ushbu otryadda yoshlar yanada faollashadi. Kerak bo‘lsa, mavsum davomida terimchilar o‘z saflarini kengaytira oladi. Chunki, ularga e’tibor berildi. Mehnati oz bo‘lsada, rag‘bat ko‘rdi. Biz bu borada barcha hududiy Kengashlarimiz va hamkor tashkilotlar ham faollik kO‘rsatsa, maqadimiz manzillari yanada yaqinlashadi.
Albatta, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining hozircha ishsiz bo‘lgan yoshlaridan tarkib topgan otryadlari o‘z so‘zini aytib, xirmonimizni tog‘ qiladi. Tilagimiz, halol mehnatda aslo tolmanglar!