O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Muhammadjonning orzusini amalga oshirdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi PF-5106-sonli Farmoni va “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi”ga muvofiq, joriy yilning 14-15-avgust kunlari Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz shahrida “O‘zbekiston Respublikasida ichki turizmni rivojlantirish istiqbollari va unda yoshlarning o‘rni” mavzusidagi Forum tashkil etilgan edi.

Ushbu Forumda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar siyosati masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quranbayev yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazgandi.

Muloqot davomida Shahrisabz shahridagi 77-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Muhammad Boboqulov viloyatdagi kam ta’minlangan oila farzandlari va sportchi yoshlarni Buxoro viloyatining tarixiy obidalariga sayohatini uyushtirishga yordam so‘ragandi.

Buni qarangki, hech qancha muddat o‘tmay, Yoshlar yetakchisi ushbu taklifning ijrosini ta’minladi. 27-avgust kuni viloyat yoshlarining Buxoroning tarixiy obidalari va ziyoratgohlariga sayohati tashkil etildi.

— Mening tashabbusimni qo‘llab-quvvatlaganlari uchun ming rahmat. Orzuim ushaldi, —deydi Shahrisabz tumanidagi 77-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Muhammad. – Bugun tengdoshlarim bilan Buxoroda sayohatdamiz. Buxoro maftunkor shahar ekan. Uni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganimdan so‘ng, shunday xulosaga keldim. Endi men ko‘rganlarim haqida tengdoshlarimga aytib beraman. Sayohat davomida boy tariximizdan faxrlanib ketdim. Ajdodlarimga munosib bo‘lishga o‘zimga so‘z berdim.

— Buxoroning dovrug‘i dunyoga yoyilgan, men shahar yodgorliklarini rasmlarda ko‘rganman, ular haqida kitoblarda o‘qiganman, ammo shu vaqtga qadar kelish nasib etmagandi, — deydi Qulmatova Zilola. — Birgina Ark saroyi tasavvur qilganimdan ham mahobatli ekan. Shaharda ko‘rishga arziydigan joylar juda ko‘p. Hududning turistik jozibadorligi yuqori. Mamlakatimizning turli mintaqalarini borib ko‘rish, hordiq chiqarishni niyat qilib yurganlarga Buxoroni tavsiya qilardim.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan yoshlar turizmini rivojlantirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.