O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va Ma’naviyat va ma’rifat markazi o‘rtasida Memorandum imzolandi 

Bugun “Yoshlar ijod saroyi”da O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va Ma’naviyat va ma’rifat markazi o‘rtasida anglashuv Memorandumi imzolandi. Unda Ittifoqning hududiy Ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishi bo‘limi mudirlari, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining Toshkent shahri bo‘linmalari rahbarlari, faol yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Ushbu Memorandum yoshlarda sog‘lom dunyoqarash, kitobxonlik ko‘nikmasini shakllantirish, internet, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan oqilona foydalanish madaniyatini oshirish, ularda g‘oyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish maqsadida imzolandi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Q.Quronboyev, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari A.Qodirov “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishda o‘zaro hamkorlikning o‘rni”, “Ma’naviyat va yoshlar” mavzularida ma’ruza qilishdi.

Kelgusida tashkilotlar o'rtasidagi hamkorlik quyidagi yo‘nalishlarda olib boriladi:

—yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan va harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda tarixiy xotira, milliy g‘urur va o‘zlikni anglash, ro‘y berayotgan voqealarga daxldorlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini shakllantirish;
— yoshlarni, xususan uyushmagan yoshlarni diniy-ekstremistik va boshqa buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan, chetdan “ommaviy madaniyat” niqobi ostida kirib kelayotgan tahdidlardan asrash, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchiliklarni oldini olishga ko‘maklashish;
—iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlar yaratish;
— yoshlarning muomala va kiyinish madaniyati masalalariga jiddiy e’tibor qaratish, ijtimoiy-ma’naviy muhit borasida mavjud muammolarni aniqlash, tanqidiy tahlil qilish, amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqish;
— davlat dasturlari, qonun va qonun osti hujjatlari loyihalari bo‘yicha takliflar ishlab chiqish...

Memorandumda belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi respublika va xalqaro miqyosdagi konferensiya, seminar-trening, davra suhbatlari, forum va boshqa tadbirlarni tashkil etib borishga kelishishdi.

Yig‘ilish davomida vazirlik, idora va tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruhi a’zolari hamda turli nashriyotlar xodimlari ishtirokida “Yoshlar kutubxonasi” rukni ostida chop etiladigan kitoblar ro‘yxatini shakllantirish borasida muzokara olib borildi.

Eng qizig‘i, ushbu tadbirda yig‘ilgan yoshlar faollikni qo‘ldan boy bermadi. Bir-biridan qiziqarli savollar, muammolar o‘rtaga tashlandi. -Ushbu Memorandum faqatgina qog‘ozda qolmay, kelgusida yoshlarning tom ma’noda manfaatlariga xizmat qiladi, - dedi Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Q.Quronboyev.