O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Pekindagi Boshlang‘ich tashkiloti yetakchiligiga Akmal Ibrohimov saylandi

XXRga tashrif davomida O‘zbekiston elchixonasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboyev Xitoyda tahsil olayotgan va mehnat faoliyatini yuritayotgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Samimiy va erkin o‘tgan suhbatda Qahramon Quronboyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi, O‘zbekistonning Pekindagi elchisi Baxtiyor Saidov hamda ko‘p sonli o‘zbekistonlik yoshlar ishtirok etdi.

Qahramon Quronboyev o‘z nutqida O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, iqtisodiy o‘zgarishlar, yoshlarga oid davlat siyosatining mazmun-mohiyati, O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga yaratib berilgan keng imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Ochiq muloqot davomida Xitoydagi 2700 nafardan ortiq yoshlarning manfaatlarini himoya qilish, qolaversa, O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatiga oid yangiliklar bilan o‘zbekistonlik yoshlarni boxabar qilish maqsadida “Axborot yetkazish markazi” tashkil etildi.

Ochiq muloqot davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishdi. Shundan so‘ng, bir ovoz bilan O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Pekindagi Boshlang‘ich tashkiloti yetakchiligiga Akmal Ibrohimov saylandi. Boshlang‘ich tashkilot yetakchisining AKT va axborotni jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha o‘rinbosari sifatida esa Ozoda Aminova faoliyat yuritadigan bo‘ldi.

  

Bir so‘z bilan aytganda, bu xorijda ochilgan birinchi O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Boshlang‘ich tashkiloti. Keyinchalik barcha xorijiy davlatlarda tahsil olayotgan va ishlayotgan yoshlarimizning manfaatlarini himoya qilish maqsadida yana ko‘pgina rivojlangan davlatlarda ham boshlang‘ich tashkilotlari tuzilishi ko‘zda tutilgan.

Ochiq muloqot elchixona tashabbusi bilan yozilgan dasturxon atrofida davom etdi.