Reportaj

Kechga yaqin Toshkent shahridan chiqib ketarkanmiz, tezroq manzilga yetib, yosh qahramonlarimiz bilan yaqindan tanishish, suhbatlashish ilinji halovat bermasdi. Borar manzilimiz — Nurafshon. Ravon va tekis yo‘llar aro harakatlanayotgan mashina ko‘p o‘tmay bizni “Fidoyi yoshlar” otryadimiz dam olayotgan maskanga eltib qo‘ydi. Yoshlarning kayfiyati a’lo. G‘iz-g‘iz harakatlanib, hali u yumush, hali bu yumush bilan band.

– Sizlar ham konsertga keldingizmi?”, – dedi bizni ko‘rgan yigitlardan biri. – Bizning har kunimiz shunaqa bayram”. Bu gapdan bizni-da kayfiyatimiz ko‘tarildi.

Har qalay bayram ustida tushganimiz rost bo‘ldi. Ilg‘or terimchilarimizning madaniy hordiq chiqarishlari uchun elimiz ardog‘idagi san’atkorlar taklif etilgan ekan. Ko‘p o‘tmay, palovxonto‘ra dasturxonga tortildi.

Kunlik terilgan paxtani muhokama qilayotgan yigitlar davralariga imlashdi. Ochig‘i, ko‘rkam, baquvvat, navqiron yoshdagi bu yigitlar bizda iliq taassurot uyg‘otdi. Aksariyati joriy yilda kasb-hunar kollejlarini tamomlagan yigitlar ekan.

– Men ham Yoshlar ittifoqiga yaqindagina a’zo bo‘ldim, – deya suhbatga qo‘shildi o‘zini G‘ulomjon Jumaboyev deb tanishtirgan yigitcha. – Bilasizmi, bu yerga kelishimga akam qarshi edi. “Borma, hech qanday sharoit bo‘lmaydi, kasal bo‘lasan”, degandi. Men esa butunlay boshqa manzarani, sharoitni ko‘rayapman. Ko‘ngilli sifatida “Fidoyi yoshlar” otryadiga qo‘shilganimdan juda xursandman. Chirchiq sanoat iqtisodiyot kasb-hunar kollejini tamomlaganman. Orzuimni aytaymi? Men kelgusida harbiy bo‘lmoqchiman. Keng dalalarda jismoniy mashqlarimni davom ettiryapman. Maqsadimni amalga oshirish uchun astoydil harakat qilaman.

G‘ulomjonning orzulariga esh bo‘lib suhbatni davom ettirdik.

– Sizlar uchun har kun oshmi, – atayin so‘rayman, ularning ovqatlanishi uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rganish maqsadida. – Kunora palovxonto‘ra bizni kutib turadi, – opajon, dedi yigitlar ham bo‘sh kelmay.

– Ovqatlar, yashirmaymiz, bizga juda ma’qul. Mazali va tansiqligi sabab tezroq tush va kech tushishini kutamiz, – deydi hazilkash yigitcha Farruxbek Yodgorov. – Ikki kun bo‘ldi. Yoshlar tashkilotining vakillari sovg‘a-salomlar berib ketishdi. Men ham telefon bilan taqdirlandim. Uni eng yaqin insonimga sovg‘a qilmoqchiman. Bu mening birinchi, o‘z mehnatim orqasidan beradigan hadyam bo‘ladi.

Xursand bo‘ldik. Yigitcha dadil.

– Biz Nurafshonga ko‘ngilli sifatida Chirchiq shahrida yashayotgan yoshlarni jalb qilganmiz, – deydi Yoshlar ittifoqi Chirchiq shahar Kengashi mutaxassisi Karim Mayaqubov. – Jami 50 ta otryadimiz bor. Ushbu maktabga esa bittasini joylashtirganmiz. Otryadda 120 nafar yoshlar jalb qilingan. 30-35 foizini qizlar tashkil etadi. Hamma sharoitlarni ta’minlab berganmiz.

Ta’kidlashlaricha, Hasan Sobirov, Navro‘z Jumaniyozov, Shahriyor Berdiyorovga o‘xshagan yoshlar ilg‘orlikni qo‘ldan berishayotgani yo‘q ekan.

Suhbatimiz tugar-tugamas, davra keng olindi. Birin-ketin xonandalar Vatan, yoshlik, ishq-muhabbatni tarannum etuvchi qo‘shiqlarni kuylay boshlashdi. Yoshlar o‘rtaga tushdi. Eng muhimi, ular Vatanining taraqqiyoti uchun qilayotgan mehnatidan, olayotgan rag‘bati va manfaatidan minnatdor.

Ortga qaytarkanmiz, ular uchun yaratib berilgan sharoitlarda faqatgina mazza qilib mehnat qilish mumkinligiga yana bir bor amin bo‘ldik. Eng muhimi, bu yoshlar o‘z kelajagi haqida ulkan rejalar tuzayapti, orzulari haqida jo‘shib gapiryapti. Halol mehnati ortidan ilk marotaba olayotgan daromadidan ota-onasiga, yaqinlariga sovg‘alar ulashyapti. Ha, ularning, tom ma’noda o‘z o‘rinlarini topishi, barkamol shaxs sifatida shakllanishida, mazkur loyiha o‘zining ijobiy natijalarini amalda ko‘rsatmoqda.

Yoshlar bilan xayrlashdik. Ortimizda keng dalalar, orzularimizdek oppoq ochilgan paxtazorlar qoldi. Eng muhimi, yoshlarimizning mavsumiy bandlik orqali bo‘lsa-da, hayotida tub burilish yasayotganimizdan mamnun bo‘ldik.

G. Ashurova,
R. Nazarmatov,
To‘ytepadan maxsus.