Respublika “Kamalak” bolalar tashkilotining I rayosat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 26-29 avgust kunlari Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Yoshlar oromgohi”da O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining ta’lim muassasalaridagi yoshlar bilan ishlash, boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish, “Kamalak” bolalar tashkiloti va sport, sog‘lomlashtirish majmuasi tarkibidagi hududiy xodimlari, Respublika Sardorlar Kengashi a’zolari va hududiy “Kamalak” sardorlari uchun o‘quv-seminarlar va 28 avgust kuni Respublika “Kamalak” bolalar tashkilotining I Rayosat yig‘ilishi o‘tkazildi.

 

O‘quv-seminarni tashkil etishdan asosiy maqsad – 2017-2018 o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish, ta’lim muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab olish, “Kamalak” bolalar tashkiloti faoliyatini yanada takomillashtirish, bolalar tomonidan olib borilayotgan ijtimoiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, xodimlar va sardorlar o‘rtasida o‘zaro bilim va malakalarini almashishga imkon yaratishdan iborat.

O‘quv-seminarda 42 nafar hududiy bo‘lim mudirlari, 14 nafar hududiy “Kamalak” bolalar tashkiloti raislari, 14 nafar hududiy “Kamalak” sardorlari va 7 nafar Respublika Sardorlar Kengashi a’zolari ishtirok etdi.