UNICEFning O‘zbekistondagi vakili Sasha Grauman O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga amaliy tashrif bilan keldi

Bugun Birlashgan millatlar tashkilotining bolalar jamg‘armasi — UNICEFning O‘zbekistondagi vakili Sasha Grauman O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashiga amaliy tashrif bilan keldi.

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad – UNICEFning bolalar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amalga oshirayotgan dasturlar yuzasidan atroflicha ma’lumot berish hamda ushbu yo‘nalish bo‘yicha Ittifoq bilan hamkorlik qilishdan iborat.

Uchrashuv avvalida Markaziy Kengash raisi Q.Quronboyev UNICEFning vakili S.Graumanga Ittifoq tomonidan so‘nggi 3 oy davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan qisqa va aniq ma’lumotlar berdi.

Xususan, bugungi kunga kelib Ittifoq o‘z atrofida 7 mln.ga yaqin yoshlarni birlashtirganligi, shundan 60 foizi “Kamalak” bolalar tashkiloti a’zolarini tashkil etishi, har bir ta’lim muassasalarida boshlang‘ich tashkilotlar tashkil etilib, ularda Sardorlar va Yetakchilar Kengashlari faoliyati yo‘lga qo‘yilganligiga alohida urg‘u berdi.

Bundan tashqari respublika bo‘yicha umumta’lim maktablaridagi sardorlar soni 1,9 mln.dan ziyod ekanligini ta’kidladi.

Hozirgi kunga kelib Ittifoq qoshida nodavlat va notijorat tashkilotlar soni 30ga yaqin bo‘lib, “Yosh fermerlar uyushmasi”, “Yosh olimlar Kengashi”, “Yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash markazi” va “Yosh ijodkorlar uyushmasi” shular jumlasidan ekanligini aytib o‘tdi.

Yaqin kunlarda “Imkoniyati cheklangan yoshlar uyushmasi”ni tashkil etish rejalashtirilganligi yuzasidan ham ma’lumot berib o‘tdi.

Yoshlar yetakchisi Ittifoq qoshida faoliyati yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan “Yosh avlod Kengashi” loyihasi bo‘yicha UNICEF bilan hamkorlik qilish istagi borligini ham bildirib o‘tdi.

Shundan so‘ng S.Grauman O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardor ekanligi, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMTning navbatdagi assambleyasida so‘zlagan nutqini tinglaganligini va unda ilgari surilgan g‘oyalar uni befarq qoldirmaganini alohida ta’kidlab o‘tdi.

—UNICEF va Ittifoqning bolalar bilan ishlash borasidagi rejalari bir-biriga hamohang, — dedi S.Grauman. — Eng muhim masala — bolalar tarbiyasi bo‘yicha hamkorlik qilish. Ayniqsa, 10-20 yoshdagi o‘smirlar tarbiyasiga e’tibor berish, ularni ijtimoiy hayotga to‘g‘ri yo‘naltirish. O‘ylaymanki, bu borada biz Yoshlar tashkiloti bilan mustahkam aloqani yo‘lga qo‘yamiz.

S.Grauman O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va UNICEF yaqin do‘st va hamkor bo‘lishini aytib, bugundan boshlab ikki tashkilot o‘rtasida mustahkam aloqalarni yo'lga qo'yish taklifini berdi.

Bundan tashqari, bolalarni ijtimoiy himoya qilishni yagona tizim asosida tashkil etish bo‘yicha ham alohida chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha vakillar kelishib olishdi.

Uchrashuv samimiy va ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv so‘nggida mehmonga tashrif uchun minnatdorchilik bildirildi.