Ushbu Memorandum yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishning qonuniy asosini yaratib berdi

Bugun O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi va Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika Kengashi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolandi. Unda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Q.Quronboyev, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika Kengashi raisining birinchi o'rinbosari Sh.Javlonov, faol yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Bugun mahallalardagi uyushmagan yoshlarning mamlakatni yanada demokratlashtirish va yangilash, fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonlaridagi keng ishtirokini ta’minlash va siyosiy jarayonlarda faolligini oshirish muhim masala ekanligi va bu masalalar kelishuv shartnomasida o‘z aksini topganligi ta’kidlandi.

Yig‘ilish davomida yana bir nechta masalalar ko‘rildi.
Bir ovozdan ushbu tashkilotda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Yetakchilar Kengashi faoliyatini yo‘lga qo‘yish taklifi ma’qullandi.

Shu bilan birga Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika Kengashidagi Yetakchilar Kengashi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari va dasturiy vazifalari tushuntirildi.
Ushbu mas’uliyatli vazifaga yoshlar bilan ishlashda ma’lum tajriba va bilimga ega Bekzod Shonazarov saylandi. Unga Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboyev “Guvohnoma” taqdim qildi va yetakchilar Kengashi xonasining kalitini topshirdi.
Ishtirokchi yoshlar faollik ko‘rsatib, kelgusida yoshlar tashkilotining maqsad va vazifalarini targ‘ib qilish, nafaqat targ‘ib qilish, balki islohotlarning ijrochisi bo‘lish istaklari borligini baralla ta’kidlashdi.
— Menga berilgan ushbu ishonch — o‘zimga bo‘lgan ishonchni yuz karra oshirdi. Bor imkoniyatimni yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga yo‘naltiraman, — dedi vazifasiga kirishgan yetakchi Bekzod Shonazarov.

Foto: R.Nazarmatov