Xorazmlik 8 nafar imkoniyati cheklangan bolajonning xonadonida to‘y bo‘ldi

Bugun O‘zbekiston yoshlar ittifoqi o‘z tanlagan yo‘lidan sobitqadamlik bilan bormoqda. Prezident va hukumatning ishonchini o‘ziga berilgan “Tashabbus va shijoat” unvoni deb qabul olgan yetakchilar bugun nafaqat to‘rt muchasi sog‘, moddiy jihatdan ta’minlangan yoshlar, balki ijtimoiy ko‘makka muhtoj, imkoniyati cheklangan bolajonlar hayotiga ham mazmun olib kirmoqda. Ular bolajonlarning ongi va shuuriga hech kimdan kam emasligini singdirishmoqda.

Xususan, Xorazm viloyatida imkoniyati cheklangan, nogiron va yakka tartibda uyda ta’lim oluvchi bolalarga Yoshlar ittifoqi tomonidan alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatildi. Ularga yozuv doskalari va o‘quv qurollari taqdim etildi. Bolalar ko‘zidagi quvonchni ko‘rgan yetakchilar yoshlar tashkilotining to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganiga yana bir marta ishonch hosil qilishdi.

Bilimlar kunini katta shodiyona bilan kutib olayotgan bolajonlar qatorida ushbu 8 nafar bola ham tantana bilan kutib oldi.

Urganch shahridan Egamberganov Diyor, Urganch tumanidan Ataxonov Asadbek, Muntayev Omirbek, Nurgaliyev Umidbek, xivalik Otabayev Akbarali, xonqalik Mavlonberdiyeva Gulnora, Davletov Kamron va Jumaniyozova Rayxanoylarga berilgan e’tibor natijasi o‘laroq, endilikda ular ham maktabda ta’lim olayotgan hech bir yoshdan kam bo‘lmagan holatda bilim olishlari, vatan taraqqiyotiga hissa qo‘shuvchi o‘g‘il-qiz bo‘lib yetishishlaridan umidimiz katta.

— Men hech qachon hech kimdan kam bo‘lmaganman va kam bo‘lmayman ham. Negaki men ilmim bilan ham, salohiyatim bilan ham o‘z tengdoshlarim orasida yetarli yutuqlarga erisha olaman. Prezidentimiz men kabi bolalarga mehr-e’tibor qaratar ekan, biz ham, albatta kelajakda o‘z o‘rnimizni topamiz,— deydi Diyorbek shodligini yashirmay.

Biz ushbu bolajonlar kelajakda o‘z o‘rnini topishini astoydil istaymiz. Va shuni alohida ta’kidlaymizki, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hech qachon sizlarni yolg‘izlatib qo‘ymaydi!!!

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining ushbu loyihasi Respublikamizning barcha hududlarida bo‘lib o‘tdi.