“Kitob marafoni”— yosh tadbirkorlarda kitobxonlik ko’nikmasini shakllantirmoqda

Kuni-kecha O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi tashabbusi bilan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash instituti Buxoro filialida yosh tadbirkorlar uchun “Kitob marafoni” o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yilning 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida” Farmoyini ijrosini ta’minlash, qolaversa, yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yoshlarning ijtimoiy-ma’naviy bilimlarini yanada mustahkamlash va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash, jamiyat hayotidagi ijtimoiy faolligini oshirish, yoshlarning dunyoqarashi va fikrlash doirasini kengaytirish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning intellektual salohiyati va o‘z iqtidorlarini namoyish etish uchun imkoniyat yaratish hamda kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirishdan iboratdir.

Tadbirda 60 nafar viloyatda faoliyat olib borayotgan yosh tadbirkorlar ishtirok etdi.

Loyiha davomida har bir ishtirokchiga “Tadbirkorlik sirlari” o‘quv qo‘llanmasi taqdim etildi. Bosh hakam startidan so‘ng ishtirokchilar o‘quv qo‘llanmasini o‘qishni boshlaydilar. Belgilangan vaqt tugaganidan so‘ng ishtirokchilarga hakamlar hay’ati tomonidan tayyorlangan test savollari tarqatilib chiqildi va javob berish uchun 10 daqiqa vaqt ajratildi. Ajratilgan vaqt yakuniga yetganidan so‘ng, test varaqlari yig‘ilib, hakamlar hay’ati a’zolariga taqdim etildi.

Yakunda o‘quv qo‘llanmani eng birinchilardan bo‘lib o‘qib tugatgan hamda test savollariga to‘g‘ri va aniq javob bergan yoshlar hakamlar hay’ati tomonidan e’lon qilindi va ular tashkiliy qo‘mita tomonidan esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Ushbu loyiha yosh tadbirkorlar uchun kitobxonlik ko‘nikmasini shakllantirishda muhim amaliy bosqich bo‘ldi.