Xushxabar: “Yoshlar uylari” qanday qilib 9 foizdan 7 foizga tushdi?

Xabaringiz bor, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga ko‘tarish borasida muhim Qaror va Farmonlarni imzolamoqda.

Vatanimiz yoshlari bilan bir necha bor uchrashib, ularning fikr va mulohazalarini inobatga olgan holda ushbu sohadagi olib borilayotgan islohotlarni jadallashtirish yuzasidan o‘z takliflarini berib kelmoqdalar.

Ayniqsa, yosh oilalarni qiynayotgan — ularni uy-joy bilan ta’minlash borasida o‘ziga xos yangi tizim zarurligini ta’kidlab, O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga ushbu masalani hal etish bo‘yicha ko‘rsatma berdilar.

2017-yil 14-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Q.Quranboyev tomonidan yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlash yuzasidan olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot beradi.

Axborotda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Banki tomonidan qayta moliyalashtirish stavkasi 9 foizdan 14 foizga oshganligi munosabati bilan yosh oilalarga ajratilayotgan Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 8-sentabrdagi 250-sonli Qaroriga muvofiq, qurilayotgan “Yoshlar uylari”ning to‘lovini amalga oshirish yosh oilalar uchun qiyinchilik tug‘dirayotgani sababli, to‘lovni 9 foizda qoldirish taklifini beradi.

Prezidentimiz yosh oilalar uchun 9 foiz emas, qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foizi miqdorida, ya’ni 7 foiz etib belgilash taklifini beradilar. Bu qaror, albatta yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tiborning yana bir namunasi bo‘ldi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda 2017-yil 12-sentyabr kuni imzolangan Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgatirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 712-son Qarori qabul qilinib, unga muvofiq, yoshlarga oid qabul qilingan hukumatning ayrim qarorlariga, xususan, Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 8-sentabrdagi 250-sonli Qaroriga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Bundan tashqari, 2017-yil 23-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlashni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 753-son Qarori imzolandi.