XXR: Bolalar festivalida delegatsiyamiz Shanxay hamkorlik tashkiloti davlatlarining vakillarini lol qoldirdi 

Ilk bora Pekin shahrida Sus Sinlin fondi “O‘sib kelayotgan yosh avlodning san’at sohasidagi namoyishlarida Shanxay hamkorlik tashkiloti davlatlarining o‘zaro hamkorligi” mavzusida bolalar festivalini tashkil etdi.

SHHTga a’zo O‘zbekiston, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Xitoy kabi davlatlarning iqtidorli, san’atsevar bolalari milliy, o‘zini namoyon qiluvchi raqs, kuy-qo‘shiqlari bilan ishtirok etish uchun Pekin shahriga tashrif buyurdi va munosib kutib olindi.

Birinchi kun bolalar Xitoy xalq an’analari marosimlari bilan tanishishga muyassar bo‘ldi. 1000 yillik tarixga ega “Choy damlash” milliy Xitoy marosimi, musiqasi va dunyoga mashhur Xitoy chinnisining o‘ziga xosliklari bolalarda katta qiziqish uyg‘otdi.

O‘zbek yigit-qizlari o‘z qo‘li bilan Xitoy chinnisiga naqsh solish, choy damlash marosimlarini bajarib, nafaqat o‘zlari, balki mezbonlarni ham hayron qoldirishdi. Sun Sinlin fondi tomonidan tashkil etilgan “Musiqa marosimi”da bolalar musiqiy cholg‘u asboblari bilan tanishib, o‘zlari ham boshqa millatlarga mansub bo‘lgan cholg‘u asboblarida Xorazmcha kuy chalib, hatto qo‘shiq ham ijro etishdi.

2017-yilning 22-avgust kuni Vey Loy konsert zalida festivalning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ochilish marosimida SHHTga a’zo davlatlar elchixonalarining vakillari, Sun Sinlin fondi raisi va vakillari qatnashib, ushbu tadbirning nechog‘lik muhimligini ta’kidlashdi.

Ushbu festivalning 2 soatga yaqin davom etgan ochilish marosimi shu qadar ko‘tarinki ruhda o‘tdiki, bolalar tomonidan ijro etilgan har bir raqs, qo‘shiqlar tomoshabinlar tomonidan davomiy qarsaklar bilan kutib olindi. O‘zbekistonlik bolalar tomonidan ijro etilgan “Popurri” raqsi hammani qoyil qoldirdi.

Ochilish marosimidan so‘ng, bolalar sayohatga chiqishdi. Dunyoga mashhur Pekin afsonalari, Xitoy sirki ularga dunyo olam shodlik bag‘ishladi.

23-avgustda tong sahardan sayohatlar Pekinning diqqatga sazovor joylarida davom etdi. O‘zbekistonlik yoshlar mashhur Imperator saroyini ko‘rishdi. Uning tarixi bilan tanishga muyassar bo‘lishdi.

Festival davomida barcha davlatlardan kelgan yosh san’atkorlar tayyorlab kelgan dasturlarini namoyish etdi.

Kecha O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faollari delegatsiya a’zolarini kutib olishdi. Bolalarning ko‘zlaridagi quvonch va muhabbatni ko‘rib, har qanday rivojlangan davlat ham bundan ortiq yoshlariga imkon yaratib bera olmasligiga yana bir bor ishonch hosil qildik.