Yosh fermer va’dasida turdi!

''Men bu yilgi davlat shartnomasini ortig'i bilan bajarishga va'da beraman", — deya Davlat maslahatchisi Qahramon Qo'chqarovichga so'z bergan "Uyg'un-Umid" fermer xo'jaligi rahbari Umid Matkarimov lafzining ustidan chiqdi!

Davlat maslahatchisi, O'zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Q.Quronboyev 5-6-avgust kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi chog'ida Xonqa tumanida o'tkazilgan yoshlar bilan ochiq muloqotda U.Matkarimov yuqoridagi so'zlarni ishonch bilan ayta olgandi.

Davlat shartnomasini 145%ga bajargan Umid Matkarimov tashkilot tomonidan maxsus sovg'a — so'nggi modeldagi planshetga ega bo'ldi!

— 2008-yilda fermerlik faoliyatimni boshlagan bo'lsam, shu kunga qadar yurt tuprog'ida nimagadir zoriqmadim. El-yurt duosi sabab mana shu kunlarga yetdim. Ko'rib turibsizki, shaxsan Davlat maslahatchisining sovg'asiga ega bo'ldim, e'tirof etildim. Shu bilan men to'xtab qolmayman, yer ustida izlanishlar olib boryapman, kelgusi yillarda 200%ga shartnomani bajarish uchun bor kuch-g'ayratimni ishga solaman, inshaalloh! — deydi Umid Matkarimov.