Yosh fermerlar diqqatiga! Ochiq muloqotga marhamat!

Hurmatli yosh fermerlar, faoliyatingiz davomida duch kelgan muammolarni tez hal etilishini istaysizmi? Unday bo‘lsa, yoshlar o‘rtasida ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanida o‘tkaziladigan ochiq muloqotga marhamat!

Tadbir yosh fermerlar va fermerlikka qiziquvchi yoshlarning muammolarini o‘rganish va ularni joyida hal etish, yosh fermer xo‘jaliklarini faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilmoqda.

Ochiq muloqot 2017-yil 3-avgust kuni soat 09:00 da Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanidagi “Faradis xirmoni” fermer xo‘jaligining dala shiyponida boshlanadi. Tadbir avvalida yosh fermerlar tomonidan yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va ularning qayta ishlangan turlari ko‘rgazmasini o‘tkazish ham rejalashtirilgan.

Yosh fermerlarning muammolari va takliflarini o‘rganishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quranbayev hamda O‘zbekiston fermerlari Kengashi raisi Sodiqjon Turdiyev bevosita boshchilik qiladi.

Muammo va takliflar asosida tegishli vazirlik va idoralarning vakillari tomonidan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zpaxtasanoateksport” XK, “O‘zdonmahsulot” AK, “O‘zkimyosanoat” AJ, “O‘zneftmahsulot” XK, Davlat Soliq qo‘mitasi, Tijorat banklari, O‘zergeodezkadastr Davlat qo‘mitasi, mahalliy hokimiyat vakillari) asoslantirilgan javob so‘raladi hamda muammoni joyida yechish imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi.

Muammolarning asosiy qismini viloyat va tuman miqyosida yechimini topishga asosiy e’tibor qaratiladi. Respublika miqyosidagi muammo va takliflar umumlashtirilib ekspertlar guruhi bilan muhokamalardan so‘ng hukumatga taqdim etiladi.

Ochiq muloqotda ishtirok etish istagini bildirgan yosh fermerlar quyidagi telefon raqamlariga murojaat qilib, ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.

(+99897) 347-23-22

(+99894) 442-07-07