Yoshlar ittifoqining “Fidoiy yoshlar otryadlari”: Ushbu yangi loyiha yoshlarga birvarakayiga 4 ta rag‘bat beradi…

Qiziqyapsizmi, unda oxirigacha!!!

Ushbu loyihaning tamal toshi “Uyushmagan yoshlar bilan olib borilayotgan ishlarda natijadorlikka erishish” mavzusida o‘tkazilgan Respublika konferensiyasiga qo‘yilgan edi. “Kelinglar, biz bosqichma-bosqich yoshlarning nofaol qismini ish bilan ta’minlashda mavsumiy bandlikdan ham foydalanamiz”... Fidoiy ko‘ngillilar otryadi. Fikr ma’qullandi.

Ko‘p o‘tmay, ushbu loyihaning konsepsiyasi ishlab chiqildi. Bugun esa ko‘rib, ko‘zingiz quvnaydi... Mana, ishlasa, yangilikka intilsa, yoshlarning turish-turmushini o‘zgartirish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, eng muhimi, ularning ma’naviy olamini, dunyoqarashini o‘zgartirsa bo‘larkan-ku!?

Xullas, “Fidoiy yoshlar otryadlari” yoshlarni mavsumiy mehnat bilan band qilish va mahallalardagi yoshlarning bo‘sh vaqtlarini maqsadli tashkil qilish orqali ularni moddiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ko‘ngilli yoshlar tuzilmasidir.

Maxsus muxbirlarimizning xabar berishicha, birgina Andijonda, “Paxta—2017” yig‘im-terim mavsumiga o‘z hissasini qo‘shish maqsadida hozirgacha viloyatdagi uyushmagan yoshlardan tashkil topgan 29 ta «Fidoiy yoshlar otryadi” tashkil qilingan. Paxta terimida faol ishtirok etib kelayotgan yoshlarga Yoshlar ittifoqi Andijon viloyat Kengashi tomonidan maxsus sovg’alar taqdim etilmoqda.

— Yaqinda TVdan eshitib qoldim. Bugun paxta hosili 1,4 mln. gektardan ortiq yer maydonida yetishtirilibdi. Uni nes-nobud qilmasdan, qisqa fursatda yig‘ib-terib olish har birimizning dolzarb vazifamiz deb bilaman, — deydi andijonlik Mashhura Yo‘lchiyeva. — Ko‘rib turganingizdek, bu oppoq paxtalarni o‘ynab-kulib termaslikning iloji yo‘q? Ochig‘i, xursandman. Vatanimga foydam tegyapti. O‘zim ham mavsumiy ish bilan ta’minlandim. Tashkilotchilarga rahmat. Ish haqimizdan tashqari, kamida bizga turli sovg‘alar ham taqdim etishmoqda...

Ha, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faollari, boshlang‘ich tashkilotlarining a’zolari, uyushmagan yoshlardan iborat ushbu loyiha ishtirokchilarini yana bir o‘ziga xos “syurpriz” kutmoqda. Ular uchun taniqli olimlar, adiblar va san’atkorlar, yosh shoirlar, ijodkorlar, davlat mukofoti laureatlari va taniqli sportchilar xizmat qilishadi.

Ushbu loyiha orqali biz — uyushmagan yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning moddiy imkoniyatlarini yanada yaxshilash, mavsumda faol ishtirok etgan uyushmagan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga yaqindan yordam ko‘rsatish va faol ishtirokchilarni “Eng ilg‘or terimchi”, “Eng yaxshi otryad rahbari”, “Eng yaxshi fermer xo‘jaligi rahbari”, “Eng faol mahalla raisi”, “Eng faol hamkor”, “Eng faol tashkilotchi”, “Eng ilg‘or tuman (shahar) Kengashi” nominatsiyalari bo‘yicha rag‘batlantirishni maqsad qilganmiz.

Hozircha ko‘ngillilar ortyadi har bir tumanda aholi sonidan kelib chiqqan holda, 200-500 nafar atrofida a’zoni birlashtirib, bir kunda o‘rtacha 70 ming nafar yoshlarni qamrab olishiga va har kuni 3,5 ming tonna paxta xirmonini yig‘ib-terib olishi kutilmoqda...

Dastlabki natijalar aniq... Xirmonlar tog‘ bo‘lyapti!
Bizga qo'shiling, birvarakayiga 4 ta rag‘bat: moddiy ko'mak, ma'naviy hordiq, rag'bat, mavsumiy bandlik...

Loyiha davom etadi. “Paxtamiz qalbimizdek oq – xirmonimiz esa orzularimizdek baland bo‘ladi”!