“Yoshlar poyezdi” loyihasi matbuot anjumani bilan boshlandi: “Kitob o‘qigan inson “Spark” minadi!”

Tadbirlar Nukus shahridagi “Yoshlar markazi”da matbuot anjumani bilan boshlandi. Unda “Yoshlar poyezdi” targ‘ibot aksiyasini o‘tkazishdan asosiy maqsad, mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalikni asrab-avaylash, yoshlarda jamiyatimizda ro‘y berayotgan o‘zgarish va yangilanishlarga, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy jarayonlarga daxldorlik tuyg‘usini yuksaltirish, ularni turli yot g‘oya va illatlardan asrash, yigit-qizlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etishdan iborat ekani ta’kidlandi.
– Targ‘ibot tadbirlarini ta’lim muassasalari, mahallalar, madaniyat va aholi dam olish markazlari, harbiy qismlarda tashkil etish rejalashtirilgan, – dedi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi raisi O.Doniyorov.

Matbuot anjumani davomida yoshlar bir qator savollar bilan murojaat qildi. Jumladan, Salamat Azimovning “Yoshlarni kitobxonlikka qanday jalb qilmoqchisizlar?”, degan savoliga Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi mas’ul xodimi Abdulla Aslanov shunday javob berdi:

“Biz kitob o‘qigan yoshlarni rag‘batlantirishning o‘ziga xos usulini joriy qilyapmiz. Ya’ni, kitob o‘qigan yoshlar “Spark” minadi! Xabaringiz bor, kitobxonlik ko‘nikmasini shakllantirish borasida mamlakatimizda bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilishi kutilmoqda. Ular orasida "Eng yaxshi kitobxon oila”, "Eng yaxshi kitobxon maktab", "Eng yaxshi kitobxon mahalla" kabi loyihalarimiz g‘oliblariga avtomobil va boshqa qimmatbaho sovg‘alar taqdim etishni rejalashtirganmiz.

Anjuman davomida ishtirokchilar va OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan 20ga yaqin savollarga javob oldi.

Eslatib o‘tamiz, targ‘ibot ishtirokchilari tarkibida kelgan yosh olim, gid-ekskursovod, fotosuratchi, bloger va jurnalistlardan iborat ilmiy ekspeditsiyaning 25 a’zosi Mo‘ynoq tumaniga jo‘nab ketdi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamkorligida tashkil etilgan ushbu ilmiy ekspeditsiya a’zolari uch kun davomida Orolbo‘yi hududida istiqomat qilib, haqiqiy holat bilan tanishishni boshlashdi.
Kuzatishda davom eting!

G.Ashurova