Yoshlar yetakchisi Piskent, Bo‘ka tumanlari paxta dalalarida…

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Fidoyi yoshlar” otryadi loyihasi doirasida ko‘ngilli yoshlar birinchilar qatorida dalaga otlanishgan edi. Vaqtincha ishsiz yoshlarga bunday tashabbus, ayniqsa, qo‘l keldi. Bugun respublikamizning barcha viloyatlarida minglab ishsiz yoshlar xirmonimizga baraka qo‘shish uchun javlon urmoqda.

Ayniqsa, Toshkent viloyatidagi fermer xo‘jaliklarida jonbozlik ko‘rsatayotgan yoshlar orasida bir kunda yuz kilogrammdan ortiq paxta terayotganlar juda ko‘pchilikni tashkil etadi. Ular bilan dildan suhbatlashishning ham o‘z gashti bor.

Yoshlar yetakchisi dam olish kunlari va haftaning ilk kunini aynan ularga bag‘ishladi.

Paxtazor bo‘ylab etaklarini chaqqonlik bilan to‘ldirib, g‘ayrat-shijoat ila paxta terayotgan yoshlarga havas qilmaslikning iloji yo‘q.

Dastlab Yoshlar yetakchisi Piskent tumanidagi paxta dalalarida oq oltinni terishda munosib hissa qo‘shayotgan “Fidoiy yoshlar” otryadlari a’zolari bilan dildan suhbatlashdi. Kunlik rejani ortig‘i bilan bajarayotgan Laylo To‘xtaboyeva, Gulbahor Erkinjonovani taqdirladi.

Keng dalalar uzra yoshlarning jo‘r ovozlari eshitilardi. Ularning kayfiyati a’lo.

— Men paxta xirmonlarini uyushda munosib xissam borligidan mamnunman. Bugun esa, Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi rahbaridan esdalik sovg‘a oldim. Ko‘rsatilgan e’tibor ikki karra ko‘proq mehnat qilishga undaydi. Berilgan sovg‘a ham men uchun qadrli, — deydi Nargiza Orziyeva.

“Eng yosh terimchi” nominatsiyasiga kasb-hunar kollejini joriy yilda tamomlagan Muborak Nishonova loyiq topildi. Yana bir eksklyuziv sovg‘a egasi Mastura Shermatova ham taqdirlanganligidan mamnun ekanligini aytib, paxta yig‘im-terim mavsumi so‘nggiga qadar o‘z hissasini qo‘shishga va’da berdi. Yoshlar yetakchisi mavsumda faol ishtirok etgan yoshlar uchun beriladigan imtiyozlar haqida gapirib, ularning ovqatlanishi, dam olish sharoitlari bilan ham yaqindan tanishdi.

Keyingi manzil Bo‘ka tumani bo‘ldi. Q.Quronboyev bu yerda ham dalalarda oq oltinni yig‘ib olishda jonbozlik ko‘rsatayotgan terimchilarning bir guruhini esdalik sovg‘alar bilan taqdirladi.

Eng muhimi, yoshlar yetakchisi paxta dadalaridagi yoshlarning orzulari, rejalari, qiziqishlari bilan tanishdi. Bo‘kada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Mirabbos Mannapov ichki ishlar sohasiga qiziqishini va shu sohada ishlash niyati borligini aytdi. Yoshlar yetakchisi bu borada imkon qadar unga yordam berishga va’da berdi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisining “Fidoyi yoshlar” otryadlariga tashrifi davom etmoqda. Yaqin kunlarda yoshlarning paxta uyumlari, orzularidek ko‘kni quchadi!