Yoshlar yetakchisining o‘qituvchi va murabbiylarga yo’llagan bayram tabrigi

Qalbi ezguliklarga yo‘g‘rilgan aziz ustozlar, mehridaryo muallimlar!

Yosh avlod ta’lim-tarbiyasi — mashaqqatli va sharafli yumush.

Kelajak avlodga ta’lim-tarbiya berishga, ularning ma’naviy olami, tafakkur dunyosini o‘stirishga ko‘z nuri, qalb qo‘ri, butun borlig‘i va umrini baxshida etayotgan ustozlar mehnatini hech nima bilan tenglashtirib bo‘lmaydi.

Yosh avlodni kamol toptirishda, ularga bilim va odamiylik, mehr-oqibat, ezgu orzu-niyatlar bilan yashash tuyg‘ularini singdirishda, hayotda mustahkam o‘rin egallashga ko‘maklashishda o‘qituvchi va murabbiylarning hissasi beqiyosligini barchamiz yaxshi bilamiz.

O‘zingizni ayamasdan, sidqidildan qilgan mehnatingiz yurtimizda kechayotgan tub burilish va o‘zgarishlarning amaliy poydevori hisoblanadi.

Sizning zahmatli mehnatingiz timsolida porloq kelajagimizni, Vatanimiz taraqqiyoti uchun sidqidildan xizmat qiluvchi o‘g‘il-qizlarimiz baxtini ko‘ramiz.

Sizlar doim biz uchun haqiqiy fidoyilik va matonat timsoli, mehr-muhabbat, ezgulik ramzi bo‘lib qolasiz.

Qadrli ustoz va murabbiylar!

Siz haqingizda qancha gapirsak, sizni qanchalar ko‘p madh etsak, shuncha oz.
Mehridaryo ustozlarni ardoqlash, ularga ehtirom ko‘rsatish xalqimizning azaliy va istiqlol yillarida yangicha ma’no-mazmun kasb etgan qadriyatlaridan biri sanaladi.

Mashaqqatli va sharafli hayot yo‘lingiz, ma’naviy jasoratingiz va olijanob fazilatlaringiz uchun barcha-barchangizga ta’zim qilamiz. 

Dunyodagi eng ulug‘ va sharafli kasb egasi bo‘lgan Siz, azizlarni qutlug‘ ayyom – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimizdan tabriklab, barchangizga dunyodagi eng ezgu tilaklarni izhor etamiz.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi
Q.Quronboyev