“Yoshlarga oid davlat siyosati: erishilgan natijalar,  istiqboldagi vazifalar” mavzusi “Yoshlar press klubi” markazida bo‘ldi

Xulosa: Endi sansalorlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi...
Bugun O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida “Yoshlar press klubi”ning 2-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va qator mutasaddi tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda vazirlik, idoralar vakillari, yoshlar tashkiloti xodimlari, faol yoshlar hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.


Ma’lumki, 2016-yil 14-sentabr kuni “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonunga imzo chekildi. Yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat Qonun 33 modda qilib belgandi va ushbu normativ hujjatga qator yangi terminlar kiritildi.
O‘tgan davr mobaynida ushbu Qonunning joylardagi ijrosi, yoshlar hayotidagi o‘rni va ahamiyatini o‘rganish, tahlil qilish bugungi globallashuv jarayonlarining muhim bosqichidir.


“Yoshlar press klubi”ning 2-sessiyasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Respublika boshqaruvi, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, qator davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Sessiya davomida Yoshlarga oid davlat siyosati: erishilgan natijalar, istiqboldagi vazifalar to‘g‘risida, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonunning kelajak egalari hayotidagi aksi, Yoshlar manfaatlarini ishonchli muhofaza etishga qaratilgan huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda milliy Parlament tajribasi, Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini o‘rni, Yoshlarga oid qonunlarni ishlab chiqishda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining o‘rni kabi masalalar muhokama etildi.


Shuni alohida ta’kidlash joizki, muloqotda yoshlar juda faol ishtirok etdi. Xorijda mehnat qilayotgan yoshlarimizdan kelgan video savollar, ochig‘ini aytish kerak spikerlarni shoshirib qo‘ydi. Muammo bor, yechimga kelganda esa... Endi sansalorlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi...
Bir so‘z bilan aytganda, “Yoshlar press klubi”ning ushbu sessiyasi yaqin kunlarda "Yoshlar" teleradiokanali orqali efirga uzatiladi. Shu bois, batafsil to‘xtalmadik. Jarayonga o‘zingiz baho berasiz!!!
Klub kelgusida ham turli sohalardagi yoshlar hayotini o‘rganish, manfaatlarini himoya qilish va ular bilan jamaotchilikni tanishtirish borasida o‘ziga xos minbar bo‘ladi.

G.Ashurova

Foto: R.Nazarmatov