Zangiota tarbiya koloniyasi: Samimiy muloqot tengdoshlarimiz qarashlarini o‘zgartirdi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan Zangiota tumani 64-sonli Zangiota tarbiya koloniyasida yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha “Konstitutsiya — inson huquqlarining bosh kafolatidir” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazildi.

Ochiq muloqotda Zangiota tarbiya koloniyasining 14 yoshdan 21 yoshgacha bo‘lgan tarbiyalanuvchi yoshlari, Markaziy Kengash mas’ul xodimlari, O‘zbekiston xalq artisti Mirza Azizov, Xalqaro “Yassaviya” mukofoti sovrindori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, shoir Temur Ubaydullo, “Oila” ilmiy-amaliy markazi mas’ul xodimi, ps.f.n., dotsent, Feruza Akramova, 64-sonli tarbiya koloniyasi direktori Jaloliddin Muhitdinovlar ishtirok etdi.

Ular o‘z chiqishlarida mamlakatimizda “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 25 yilligi hamda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan yangi zamonaviy mexanizmlar to‘g‘risida batafsil to‘xtalib o‘tdilar.

Mazkur tadbirda Toshkent viloyati, Zangiota tumani 64-sonli Zangiota tarbiya koloniyasining 50 nafar tarbiyalanuvchi yoshlari hamda ularning ota-onalari ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.